Hurmatli Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi jamoasi!

Bugun markazingiz faoliyatining 8 yillik shonli to‘yi munosabati bilan Sizlarni chin qalbimdan muborakbod etaman!
Sakkiz yil – bu nafaqat vaqt jihatidan, balki ma’naviy yutuqlar, ilmiy izlanishlar va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash yo‘lida bosib o‘tilgan katta yo‘l hisoblanadi.

Ushbu yillar davomida Markaz o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlariga sodiq qolgan holda, Afg‘onistonlik yoshlarni o‘zbek tili va adabiyoti, tibbiyot, temir yo‘l sohasi kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berib kelmoqda.

Xususan, o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘rgangan afg‘on yoshlarining bugun Afg‘onistonning turli hududlarida maorif, oliy ta’lim, til va madaniyat sohalarida faoliyat yuritib, o‘z bilimi va fidoyiligi bilan ajralib turgani – bu Markaz mehnatining eng yuksak samarasidir.

Men, Afg‘onistonda o‘zbek tili va adabiyoti sohasida 30 yildan ortiq xizmat qilib kelayotgan inson sifatida, bu kabi ezgu ishlarning guvohi bo‘lishdan faxr va iftixor tuyaman. Bu markaz faoliyati ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilayotgan beqiyos bir maskandir.

Yurtimiz kelajagi – yoshlar qo‘lida. Sizlarning mehnatingiz tufayli bu yoshlar bilimli, vatanparvar va madaniyatli avlod sifatida voyaga yetmoqda. Bu yo‘ldagi fidoyiligingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Sakkiz yillik faoliyatingiz muborak bo‘lsin! Kelgusi yillarda ham bundanda yuksak cho‘qqilarni zabt etishingizni tilab qolaman.

Hurmat ila
Nurulloh Oltoy

Juzjon universitetining ijtimoiy bilimlar fakulteti raisi, tilshunos