“ Lison ut-tayr” dostonida Navoiyning tasavvufiy qarashlari
Termiz davlat universiteti
O‘zbek filologiyasi fakulteti
3-bosqich 421-guruh talabasi
Abdimo’minova Dildora Oybekovna
Annotatsiya: Ushbu maqolada buyuk shoir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning qalamiga mansub, o‘zbek mumtoz adabiyoti va o‘zbek adabiy tilining muhim yodgorliklaridan biri “Lison ut-tayr” asari qisman tahlil qilinib, asosan Shayx San’on hikoyasi orqali Navoiyning tasavvufiy qarashlari yoritib berilgan.
Kalit so’z: Qushlar, shayx, xarom, Qur’on, zinnor, may, mast, tarso, bayt, Semurg’,Hudhud, budxona, budparast, cho‘chqa, Iso payg’ambar, bob.
“Lison ut-tayr” dostoni Alisher Navoiyning “ Xamsa”dan keying oltinchi dostoni bo‘lib, u mashhur falsafiy doston sanaladi. Doston 1498-1499 yilda shoir vafotidan bir necha yil oldin yozilgan. “Lison ut-tayr” hajman 3666 bayt, 193 bob 65 hikoyani tashkil etadi. Doston tuzilishiga ko‘ra esa umumiy muqaddima, asosiy qism va xotima qismlarga ajratiladi. Asarning yaratilishi haqida so‘z borarkan, shu o‘rinda Navoiyning yoshligi bilan bog‘liq bir voqeani eslash lozimdir. Unga ko‘ra, Alisher Navoiy bolaligidan kitoblarga mehr qo‘yib, ularni qunt bilan mutolaa qilar edi. U o‘qigan “Guliston”, “Bo‘ston”, “Mantiq ut- tayr” asarlari orasidan Farididdun Attor qalamiga mansub “Mantiq ut-tayr” asari bo‘lajak shoirga qattiq ta’sir qilib, uni o‘ychan va odamovi qilib qo‘yadi. Ota-onasi esa bu holatdan xavotirga tushib, kitobni yashirib qo‘yadi, biroq Navoiy bu vaqt ichida asarni boshdan adog‘ yod olgan edi va sevimli kitobini ko‘nglida takrorlab yurishga odatlanib qoladi. Shoirning dostonga bo‘lgan muhabbati uning 60yoshida bolalikdagi orzusini ushalishiga sabab bo‘ladi. Shu tariqa Navoiy “Lison ut-tayr”ni “Mantiq ut-tayr” ning ruhida yaratadi.
“Lison ut- tayr” dagi obrazlar, ya’ni qush obrazlari majoziy bo’lib, shoir asar orqali borliq va ilohiyotni chambarchas bog’lagan, unda real hayot lavhalari, insonga xos xatti-harakat, fe’l-atvorni uchratish mumkin. Dostonning muqaddima qismi 13 bobdan iborat bo’lib, an’anaga muvofiq hamd qismdan boshlanadi. 5-12-boblar to’rt xalifa Abu Bakr(r.a), Hazrat Umar(r.a), Hazrat Usmon(r.a), Hazrat Ali(r.a) vasfiga bag’ishlangan bo’lib, ular bilan bog’liq hikoyachalar ham kiritilgan. Misol uchun, 10-bobda Hazrat Usmon haqida shunaqa hikoya berilgan: Payg‘ambarimiz(s.a.v.) bir kuni eldan farog‘at istab, xilvatga kirib, bir oyoqlarini uzatib o’tiradilar. Ularning huzurlariga ba’zi zodagon sahobalar, ayrim aziz va sharif kishilar kirganlarida ham ularning holatlarida o‘zgarish bo‘lmaydi. Lekin xonaga hazrat Usmon kirgach, Rasuli akram uzatgan oyoqlarini yig‘ib oladilar. Bu payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning hazrat Usmonga bo‘lgan cheksiz hurmatlari ifodasi edi.
14-bobdan dostonning asosiy qismi boshlanadi. Guliston, o’rmon, dengiz va biyobon qushlari yig’ilishib majlis o’tkazishmoqchi bo’ladi, biroq o’z o’rinlarini topa olishmaydi. Ular orasida mojaro boshlangach masalani hal qilish yo’lini izlashadi, o’sha kezda Hudhud qushi ularga Semurg’ haqida so’z ochadi va dostonning 6 bobi, ya’ni 15-20-boblari Semurg’ ta’rifini tashkil etadi. So’ngra qushlar Hudhudga ergashib Semurg’ oldiga borishadi, lekin yo’ldagi a’zoblar boshlangach avval To’ti, Tovus, Bulbul kabi qushlar bitta bittadan uzrini aytib ortga qaytishmoqchi bo’lganda, Hudhud ularga birma bir hikoya aytadi. Tovus uzr aytib, “Tangri meni atrofdagilar kо‘rib, husnimga tahsin aytishlari uchun yaratgan, shunday ekan, menga bu safardan ne hojat?”, deydi. Hudhud unga javoban masxaraboz bir hinduning o‘zini turli naqsh-u nigorlar bilan bezab, maydonda tomosha ko‘rsatgani, uning atrofi bir gala beboshlar to‘dasi bilan to‘lgach, nazoratchilar tomonidan tutib olinib, darra bilan savalangani haqidagi hikoyatni keltiradi. Undan so‘ng Bulbul uzr aytadi. U o‘z chamanidagi birgulga oshiqligini, undan ayriliqqa chiday olmasligi va bu safar unga cheksiz hajr azobini olib kelayotganligini aytadi.
Hudhud unga bir podshohga oshiq bo‘lib qolgani haqida lof urgan gado hikoyatini keltirida. Bir gado shohga oshiq bo’lib, xalq ichida ovoza qilib yuradi. Kunlarning birida shoh agar gadoning oshiqligi chin bo’lsa, uni qatl etish haqida farmon beradi, lekin gado ushbu hukmdan so’ng qochib qoladi. Hudhud bu hikoya bilan haqiqiy go‘zallik Simurg’ dargohida ekanligini ta’kidlaydi. Doston tarkibidagi eng yirik hikoyalardan biri Shayx San’on hikoyasi bo’lib, u orqali Navoiyning tasavvufiy qarashlarini ko’rishimiz mumkin. Hikoyada bosh obraz Shayx San’on (Ibn Saqqo) bo’lib, u mashhur shayxlardan, 400dan ortiq shogirdi bor, Qur’onni yod olgan edi. Uning tushlari doimo o’ngidan kelardi va bir kuni u tushida boshqa bir mamlakatda bo’ladi va bu begona joy Rum ekanligi ma’lum bo’ladi.
U bir butxona ichida mast bo’lib yotar edi, o’rnidan turib tovba deya yana uyquga ketadi biroq yana o’sha tush takrorlanadi. Kunduzi tushidan hikmat izlab shogirdlari bilan Rumga yo’l oladi, biroq u yerda mashhur shayx, Allohni tanigan zot butunlay o’zini yo’qotadi ya’ni rumliklarning butxonasidagi bir qizga oshiq bo’lib, o’zini yo’qotadi. Har kun butxona atrofida o’rmalanar o’sha tarso qizni ko’rishga oshiqar edi. Shayx San’onni xatto shogirdlari ham tanimay qoldi, uni qaytarishga urindi biroq kun sayin uning ishqida kuyardi. Shayx o’z istagini, ya’ni tarson qizini sevib qolganini aytganidan so’ng, unga 4 ta shart qo’ydi. Agar San’on qizga yetishishni istasa may ichishi, zunnor bog’lashi, Qur’onni o’tda kuydirishi, budparastlar diniga kirishi kerak edi. Shayx San’on ishq yo’lida islomning muqaddas kitobi Qur’onni yoqdi, buddaviylikni qabul qildi, mayxonada tarso qizning qo’lidan may ichdi, beliga qizil tasma bog’ladi, bu holatni ko’rgan shogirdlar esa undan uyalishib, uni yo’ldan qaytarish uchun qilgan urinishlari besamar ketgach, undan yuz o’girib o’z yurtlariga qaytishdi. Shayx San’on shartlarni bajarishiga qaramasdan u tarso qizni ko’rmasdi va uning oldiga arz qilib borganda unga 2-shartni, 1yil mobaynida kunduzi cho’chqa boqishi, kechasi o’t yoqishi kerak edi. Islom dinidan cho’chqa xarom edi, lekin San’on buni ham qilishga rozi bo’ladi.
Allohni tanigan buyuk shayxning ayanchli bu holatga tushishi albatta kitobxonni o’ylantiradi, biroq Navoiy bu voqeaga o’zining tasavvufiy qarashlarini singdirgan. Aslida Shayx San’on tarso qiz aksida Allohning jamolini ko’rgandi va unga yetishish uchun u buyurgan har bir ishni qildi, 400 muridga qarshi chiqdi, unda faqatgina bir maqsad bor edi u ham Alloh jamoliga erishish. Shu o’rinda tasavvuf ahlining avliyo ayoli Robiya Adaviyaning bir gapini eslash lozim: “Yaratgan jamoliga erishish uchun do’zax bir yo’l bo’lsa do’zax men uchun baxtdir”. Demak bundan ko’rinib turibdiki u buyuk bir shayx bo’lganligi uchun ham Alloh o’z jamolini aynan tarso qizida ko’rsatdi. Uning sabrini, Allohga bo’lgan sadoqatini sinovdan o’tkazdi. Asarni o’qish davomida Shayxning bir muridi rumga kelib kun-u tun duo qilib Allohdan, Payg’ambarimizdan San’onning o’ziga kelishini so’raydi, chunki tarso qizi San’onni har ko’yga solgani tashqi muhitdan ayanchli ahvolda ko’rinar edi.
Kunlar o’tib duolar o’z kuchini ko;rsatib Shayx o’ziga keldi va Ka’baga qaytadi. Rumda qolgan tarso qizi tush ko’radi. Tushida Iso alayhissalomdan: “Shayx San’ondek buyuk murshid sening huzuringga mehmon bo‘lib kelsa-yu, sen mezbonlik odatini bilmasdan, uning boshiga ne kunlarni solding?! Endi vaqtni g‘animat bilib, uning ortidan bor, diniga musharraf bo‘l”, — degan xabar keladi. Tarso qizi oh urgancha, ko‘zlaridan nadomat yoshlarini to‘kib, Ka’ba tomon yo‘lga tushadi. Yo’lda unga xastalik va ojizlik yuzlanib, tuproq ustida hushidan ketadi. Shayxga bu holi ayon bo‘lib, muridlari bilan ortga qaytadi va tarso qizining so‘nggi lahzalarda iymon sohibasi bo‘lib jon berishiga shohid bo’ladi.
Alisher Navoiy hikoyat so’ngida ishqqa shunday ta’rif beradi:
Ishq bahredurki, yo‘q poyon anga,
Har hubobi gunbadi gardon anga…
Olam edur ishq, lekin bas vase ’,
Toram edur ishq, lek asru rafe ’…
Dostonda qushlar aynan 7 vodiydan o’tishlari kerak edi, bu vodiylar Talab, Ishq, Ma’rifat, Istig’no, Tavhid, Hayrat, Faqr-Fano edi. Ushbu vodiylar ham aynan tasavvufiy bo’lib, undan o’ta olgan inson haqiqiy komil bo’la olishi mumkin, masalan Talab vodiysini olsak, unga qadam qo’ygan solik oshiqlikdan keladigan hamma sinovlarga, qiyinchiliklar, uqubatlarga tayyor turib uni baxt deb qabul qlishi kerak. Ishq vodiysida esa jonfidolik va poklik talab qilinadi. Dostonda keltirilgan Ma’rifat vodiysi esa bu Allohni bilish,tanish yo’lidir. Istig’no vodiysida ilohiy hikmat insoniy mantiq qonuniyatlariga mos tushmasligi, hayot jumboqlarga to‘la ekanligi, javobsiz ko’rinadigan jumboqlarning asosiy yechimi-Yaratuvchining yaratganlariga butkul hojatsizligini anglashdir. Ushbu 6 vodiyni o’tgan inson so’nggi Faqr-Fano vodiysida shuni anglab yetadiki, Haqiqiy borliq-Haq taolo borlig’iga hech qanday ta’sir o’tkazolmaydi, biz yashab turgan, olam deya jar solayotgan makon aslida beqaror va o’tkinchi ekanligini anglab yetadi va o’zida komillikni shakllantirganligini his etadi. Bu vodiylar osondek ko’rinishi mumkin, biroq ularning har biri mashaqqatli bo’lb, butun yer yuzida Muhammad (s.a.v)gina haqiqiy komil insondir.
Doston so’ngida 30tagina qush ushbu vodiylardan o’ta oladi va ne mashaqqatlar bilan izlab kelgan Semurg’ askida o’zlari ekanligini bilishadi, chunki qayoqqa qaramasin o’zini ko’radi. Shu o’rinda “ Nega aynan ular o’z yurtida Simurg’ ekanligini bilmadi” degan savol vujudga kelishi mumkin, yuqorida qayd etilgandek qushlarning 7 vodiy mashaqqatidan o’tib kelishi natijasida ular komillikka erishdi, ular Simurg’ bo’lishdi. Yuqorida aytib o’tildiki, ushbu doston “Mantiq ut-tayr”ga nisbatan yozilgan, biroq so’ngida ikki xil talqin aks etadi, Navoiyda vodiylardan o’tib, poklanib, o’zlaridan Simurg’ni kashf etishsa, Attorning dostonida so’nggi vodiyda Simurg’ bilan birlik kasb etadilar.
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash joizki, asarni ayniqsa ulug’ Navoiyning qalamiga mansub asarlarni bir o’qib emas mushohada, bahs-munozaralar, chuqur o’ylov natijasidagina asl ma’noni chiqarish mumkin, chunki Navoiy asarlarida tasavvufiy mavzular, timsollar bisyordir. Oddiygina Shayx San’on hikoyasi ham mulohazasiz o’qilsa Shayxga nisbatan nafratni uyg’otadi kishida, lekin tasavvufdan xabardor kishi uning tag tubida joylashgan, adibning mahoratini aks etgan ma’noni topa oladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Alisher Navoiy. Lison ut-tayr – T. 2019
2. Navoiyshunoslik – T. 2018
3. Shahnoza Izmurodova — A. Navoiyning «Lison ut tayr» asaridagi universalizm – T. 2022
4. Dilnavoz Yusupova – “Lison ut-tayr” – T. 2019
5. Dilora Tursunaliyeva – Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asaridagi diniy-falsafiy g‘oyalar tahlili
6. Xurshid Davron. Navoiynoma. XV-XVI. Lison ut-tayr, Haj armoni.
7. O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari(Majmua. Tuzuvchi: N. Rahmonov) 1-2-jild. – T: Fan, 2005. 2006
8. Alisher Navoiyni o‘rganmoq kerak – D. Abdimo‘minova. International Scientific Online Conference
Ibrat Academy