Termiz tumanida migratsiyaga ketish istagini bildirgan xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Aholini ish bilan ta’minlash, ularni qonuniy va xavfsiz mehnat migratsiyasiga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolarni xorijga chiqmasdan, o‘z yurtida munosib ish bilan ta’minlash imkoniyatlari yaratilayotgani haqida tushuntirish ishlari izchil olib borilmoqda.
Shu maqsadda bugun Termiz tumanida migratsiyaga ketish istagini bildirgan xotin-qizlar bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida tashkil etildi.
Uchrashuvda Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova ishtirok etib, xotin-qizlarga qonuniy mehnat migratsiyasi jarayonlari, kasb va xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ishtirokchilarga xorijda ishlashning xavfsiz yo‘llari, noqonuniy migratsiyaning oqibatlari haqida tushuntirishlar o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilarning murojaatlari tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar mutasaddilariga vazifalar belgilab berildi.
Uchrashuv yakunida xotin-qizlarga o‘z yashash manzillarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinib, ularning Vatanda qolib, munosib mehnat orqali oila farovonligini ta’minlashlari mumkinligi ta’kidlandi.
Ibrat Academy