Asosiy mazmunga o'tish

Ma'naviy-ma'rifiy

Afg‘onistonlik talabalar Bobur siymosini yaratdi

2 daqiqa o'qish 216
photo_2024-02-13_13-43-34

Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Ta’lim markazi ma’muriyati, professor-o‘qituvchilar, Termiz tumani 17-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi iqtidorli o‘quvchilari, talaba va tinglovchilar ishtirok etgan tadbirda buyuk sarkarda, shoh, shoir va yetuk qomusiy olimning hayoti, ijodi, boy ma’naviy merosi, sarkardalik san’ati xususida atroflicha so‘z yuritildi. Buyuk davlat arbobining jahon madaniyati, adabiyoti va she’riyatida qoldirgan bebaho merosi haqida fikr almashildi

Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida o‘chmas nom qoldirdi. "Boburnoma" asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan o‘rin egalladi. Ul zotning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she’riyatining eng nodir durdonasiga aylandi. “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), “Xatgi Boburiy”, “Harb ishi”, aruz haqidagi risolalari islom qonunshunosligi, she’riyat va til nazariyasi sohalarini rivojlantirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Kechada Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Afg‘onistonlik talaba-yoshlar shoir g‘azallari va ruboiylarini yoddan aytib, qiziqarli sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi.
–Ulug‘ ajdodimiz tavallud topgan kunning muborak 541 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda buyuk davlat arbobi, sarkarda, olim va shoir rolini ijro etganimdan quvonchim cheksiz,–deydi afg‘onistonlik tinglovchi To‘lqin Korgar.–Zahiriddin Muhammad Bobur ko‘p qirrali shaxs bo‘lgan. O‘z zamonasida adolatparvar shoh, buyuk qomusiy olim va shoir sifatida dunyoda nom qozongan. Ana shunday ulug‘ zotlarning ajdodi bo‘lganimizdan haqli ravishda faxrlanishimiz kerak.
Tadbirda faol ishtirok etgan bir guruh afg‘on talabalari faxriy yorliq va tashakkurromalar bilan taqdirlandi. Bobur g‘azallari bilan aytilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bir olam quvonch ulashdi.

Ulashish: