Skip to main content

Research

O’tkir Hoshimovning asarlarida o’xshatish vositalarining lingvistik xususiyatlari

10 min read 322
maxresdefault

O’tkir Hoshimovning asarlarida o’xshatish vositalarining lingvistik xususiyatlari

Abdimo’minova Dildora

Oybekovna - TerDU talabasi

Ergasheva Dilrabo ilmiy rahbar

Annotatsiya: Maqolada o’xshatish vositalarining lingvistik xususiyatlari badiiy matn doirasida o’rganildi, misollar keltirildi va izohlandi. O’xshatishlar haqida bir qancha olimlarning ilmiy qarashlari muhokama qilindi. Metafora hamda o’xshatish bir-biriga taqqoslanib, misollar keltirilib farqlari ko’rsatildi. O’tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” va “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarlaridan namunalar ko’rildi.

Kalit so’zlar: poeziya, o’xshatish san’ati, leksik vositalar, go’yo, xuddi, singari, misli, bamisli, baayni, xususiy o’xshatish.

O’xshatish badiiy tilning tasviriy vositalaridan biri bo’ib, u obrazlilik, tasviriylikni kuchaytirish, favqulotda poetik xususiyati mavjudligi bilan ajralib turadi va kutilmagan ifodadorlik, obrazli ta’sirchan fikr ifodalash uning muhim belgilaridan sanaladi. O’xshatish-ikki xil narsani qiziqarli tarzda taqqoslydigan nutq figurasi hisoblanib, o’quvchining yoki tinglovchining ongida qiziqarli aloqani boshlash uning maqsadidir. O’xshatish majoziy tilning keng tarqalgan shakllaridan biri bo’lib, uning misollarini she’rlardan tortib qo’shiq so’zlariga qadar uchratish mumkin.

Aristotel poeziyani o’xshatish san’ati deb ataydi va uning fikricha inson boshqa mavjudotlardan o’xshatish qobiliyatiga ega ekanligi bilan ham farqlanadi, hatto dastlabki bilimlarni u o’xshatishdan oladi. XV asr badiiy san’atlar ilmining donishmandi Atoullo Husayniy ta’rifiga ko’ra “Tashbeh vasfta bir nimani bir nimaga o’xshatmoqdin iborattur. Anikim, tashbeh qilurlar mushabbah derlar va anikim, anga tashbeh qilurlar mushabbah bih derlar va ul vasfni vajh-i-shibh derlar”.

Professor N.Mahmudov o’zbek tilida o’xshatishlarning to’rt unsurdan tashkil topishini, ular o’xshatishning shakily ko’rsatkichi ekanligini ta’kidlaydi va “…o’xshatish sodda gaplarda hamisha murakkab semantik struktura, kamida ikkita semantik propozitsiya ifodalangan bo’ladi”, - deya qayd etadi. Demak o’xshatish hosil bo’lish o’rniga ko’ra to’rt asos - o’xshatiluvchi predmet (o’xshatish obyekti),

o’xshatuvchi predmet (o’xshatish etaloni)

o’xshatma belgi (o’xshatish asosi)

o’xshatish vositasi (o’xshatishning shakliy ko’rsatkichi) asosida shakllanadigan tasviriy ifodadir. O’xshatish haqida o’zbek tilshunosligida ilk tadqiqod ishini olib borgan M.Mukarramov esa uni 3 asosdan iborat, o’xshatiluvchi obyekt va o’xshovchi obraz o’xshatishning asosi, o’xshatish vositasiga asos sifatida qaralmaydi degan fikrni ilgari surgan. Akademik A.Rustamov bu hodisani quyidagicha ta’riflaydi: “Shoirning mahoratini, xususan, uning tasavvur va xayol olamining boy yoki qashshoqligini ko’rsatuvchi badiiy vositalardan biri o’xshatishdir”. O’xshatishning mundarijasini o’xshatilish, o’xshovchi va o’xshamish tashkil etadi. O’xshatishni hosil qiluvchi leksik vositalar kabi, singari, go’yo, xuddi, misli, misoli, bamisli ko’makchilari, Grammatik vositalar esa -day(-dek), - simon, - ona, - larcha kabi qo’shimchalardir. Hozirgi o’zbek tilida kabi, singari, yanglig’, xuddi, go’yo, bamisoli, misli, mislsiz, misoli, baayni kabi so’zlar o’xshatish munosabatini ifodalovchi yordamchilardir.

Ayrim hollarda o’xshatishlar va metafora bir-biri bilan aralashib ketadi. O’xshatish va metafora o’rtasidagi asosiy farq shundaki, taqqoslash uchun taqlid qilishda "o’xshash" yoki "kabi" so’zlari ishlatiladi va metafora shunchaki "kabi" ishlatmasdan taqqoslashni bayon qiladi. O’xshatishlarni metafora bilan taqqoslaganda tanib olish oson. Shuning uchun ular o’xshash iboralar bilan qanday farqlanishini ko’rib chiqamiz:

  • U faralarning chirog'ida kiyikka o’xshardi. - O’xshatish

U faralarning chirog'ida kiyik edi. - metafora

  • Mening sevgim qizil atirgulga o’xshaydi. - O’xshatish

Mening sevgim - qizil atirgul. - metafora

  • Uning farishtadek ovozi bor. - O’xshatish

U farishta. – metafora

O’xshatishlar o’z o’rnida ikki turga bo’linadi:

  1. Umumnutq o’xshatishlar
  2. Badiiy o’xshatishlar.

Umumnutq o’xshatishda obyekt, subekt, o’xshatilayotgan narsa va hodisa orasidagi belgi avvaldan ma’lum bo’lsa, badiiy o’xshatishlar asosida ko’pchilikka ma’lum bo’lmagan belgi chog’ishtiriladi.

Odil Yoqubov, O’tkir Hoshimov, O’lmas Umarbekov, Said Ahmad va ular singari adiblarimiz ijodida o’xshatish namunalarini ko’rishimiz mumkin. Badiiy adabiyotlarimizni o’xshatishlarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi va asarlarda muallifning o’ziga xos orginal o’xshatishlar ya'ni yozuvchi mahoratini belgilaydigan erkin o’xshatishlarni ham uchratish mumkin. Fikrimiz dalili sifatida O’tkir Hoshimovning "Ikki eshik orasi" hamda "Daftar hoshiyasidagi bitiklar" asarlaridagi o’xshatishlarni ko’rib o’tamiz:

”Ajab, inson xotirasi-eshigi yopib qo’yilgan omborga o’xsharkan. Ombor oldidan har kuni o’tasiz. O’tasiz-u o’z yumushingiz bilan ovvora bo’lib qayrilib ham qaramaysiz. Vaqti kelib tasodifiy shamol omborning eshigini ochib yuboradi-yu, beixtiyor ichkariga mo’ralab qaraysiz. Shunda qiziq holat ro’y beradi. Ombor ichida oltindan aziz narsa ham, ko’zingiz tushishi bilan ta'bingizni xira qiladigan qaqir-ququrlar ham qalashib yotgan bo’ladi. Alam qiladigan joyi shundaki, siz ulardan xohlaganingizni ajratib ololmaysiz... Hammasi baravariga jon ato qilib, atrofingizni qurshab oladi” Adibning "Ikki eshik orasi" romanidan olingan ushbu satrlar o’xshatishning yuksak namunasi desak adashmaymiz. Yozuvchi inson xotirasini kundalik hayotdagi omborga mengzab, ikkisining vazifalarini tenglashtirgan va bu xususiy o’xshatishning yaqqol namunasidir.

"Qalamda tortilgandek qoshlari, yonib turgan qop-qora xumor ko’zlari, sutday oppoq yuzi, ingichka iyagidagi mitti xoli, angishvonadek og'zi-hammasi ataylab chizib qo’yilgan suratga o’xshaydi". Ushbu gapda esa ikkita o’xshatishga duch kelamiz. Ya'ni birinchi o’xshatishda qoshlar qalamda tortilgan holatga o’xshatilsa, ikkinchisida kishining og'zi kichkinaligidan mehnat quroli hisoblanadigan kichik angishvonaga qiyoslanyapdi:

  • "Kim bilsin, hali uyam urushga otlanib qoladimikan, guldek xotinini qon-qaqshatib";
  • "Kimsan akam toshbaqadek boshini ichiga tortib o’tirsa yarashadimi?";
  • "Sen bilmaysan, Robiya! Qopqonga tushgan bo’ridek o’zini qay teshikka urushni bilmay qolgan dushmanni oldingga solib quvishning zavqi qanaqa bo’lishni bilmaysan";
  • "Besh-olti qadam yugurib bordi-yu o’zidan o’zi gugurt cho’pidek lop etib yona boshladi";
  • "Hoy, Duma, esingni yedingmi, dalada shuncha ish turibdi, chillali xotinday yalpayib yotishga uyalmiysanmi?";
  • "Ko’ngli-paxtasidek oppoq, fe'li-paxtasidek yumshoq, mehri-paxtasidek qaynoq...faqat bitta aybi bor: "paxta qo’yish"ni bilmaydi";
  • "Odamzodning tabiati qiziq: o’zining tariqdek savobi tarvuzdek, tarvuzdek gunohi tariqdek tuyuladi";
  • "Talantsiz yozuvchi tovuqqa o’xshaydi. Yong'oqdek tuxum tug'adida, qaqog’lab olamni buzadi".

Yuqorida berilgan gaplar – day (dek) affiksi vositasida hosil bo’lgan namunalardir. Oxirgi keltirilgan gap tarkibida ikkita o’xshatish mavjud. Ya’ni iste’dodsiz yozuvchi tovuqqa o’xshatilayotgan bo’lsa, ikkinchi o’xshatish orqali tuxum yong’oqqa mengzalyapdi.

Adibning "Daftar hoshiyasidagi bitiklar" asaridagi namunalar asosan grammatik vositalar bilan emas balki "o’xshaydi" fe'li orqali yuzaga chiqqan, ya'ni:

  • "Ayol qalbi teskari magnitga o’xshaydi: yaqinlashsang uzoqlashadi, uzoqlashsang yaqinlashadi". Bu gapda ayol qalbi magnitga;
  • "Haqiqat havoga o’xshaydi. Rangini ko’rmaysiz. Ovozini eshitmaysiz. Hidini bilmaysiz. Ammo bir lahza havosiz qolsangiz bo’g'ilib ketasiz. Kitob ham shunday. Yolg'onga duch kelgan kitobxon bo’g'ilib ketadi";
  • "Do’st degani daraxt yaprog'iga o’xshaydi. Bahor chog'i behisob, kuz kelganda sanoqli. Yoshlik chog'i behisob, keksayganda sanoqli";
  • "Ilk muhabbat bahor osmonidagi bulutga o’xshaydi";

O’tkir Hoshimov o’z asarlarida xususiy o’xshatishning yuksak, tesha tegmagan namunalaridan foydalangan desak mubolag'a bo’lmaydi. "Daftar hoshiyasidagi bitiklar" asaridagi ushbu gapni kuzatsak; "Asar binoga o’xshaydi. Faqat bino g'ishtdan quriladi, asar esa so’zdan. Endi bir narsani tasavvur qiling, bitkazilgan binodan bitta g'ishtnu sug'urib olsangiz uning husniga shikast yetadi, o’nta g'ishtni ko’chirsangiz bino bosib qoladi. Shunday asar borki butun jumlalarni olib tashlasangiz ham yuzta so’zni olsangiz ham, mingtasini o’rnini almashtirsangiz ham o’zgarmaydi. Bunaqa "asar" bino emas vayronadir".

Ushbu namuna ham yuqorida ko’rganimiz, ombor va inson xotirasi kabi xususiy o’xshatish bo’lib, yozuvchining yuksak mahoratini yaqqol namoyon bo’ladi. Bu o’xshatish asarga badiiylik, ta'sirchanlik qo’shib, o’quvchini o’ziga jalb etadi.

Badiiy asarni tahlil qilish asarda yoritilgan mazmunga ham shakl va hajmga ham alohida e’tiborqaratishni talab qiladi. Asarlarni tahlil qilar ekanmiz, adibning so’z qo’llash mahorati, yozgan asari o’quvchiga qay darajada ta’sir eta olishi, adibning murakkab konstruksiyali farqlash, qiyoslash, chog’ishtirish mantig’ini tasavvur qilishimiz mumkin bo’ladi. Bu esa o’z navbatida asar tilini yaxshi tushunib yetishimizga yordam beradi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Umurqulov B. Badiiy adabiyotda so’z.-Toshkent: Fan, 1993.
  2. Abdalimova Sh, Rahimova Z. O’xshatish vositalarining lingvistik xususiyatlari. Solution of social problems in management and economy. 34-38
  3. Bozorova G. Badiiy o’xshatishlarning lisoniy xususiyatlari. Oriental Renaissance:Innovative, educational,natural and social sciences.1285-1293.
  4. O’tkir Hoshimov. Ikki eshik orasi. Sharq nashriyoti-2012
  5. O’tkir Hoshimov. Daftar hoshiyasidagi bitiklar.
  6. Abdullayev A. O’zbek tilida ekspressivlikning ifodalanishi.-Toshkent, O’zbekiston, Fan, 1983.
  7. Abdurahmonov G’, Mamajonov N. O’zbek tili va adabiyoti. –Toshkent, O’zbekiston, 1985.
  8. Karimova X, Ergasheva D. O’xshatish vositalarining lingvistik xususiyatlari (Olmas Umarbekovning “Odam bo’lish qiyin”asari misolida). International scientific journal “Modern science and research”.
Share: