Skip to main content

Culture and enlightenment

Navoiyga ehtirom

3 min read 208
photo_2023-02-07_15-30-40

Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta‘lim markazi professor-o‘qituvchilari, afg‘onistonlik talaba-yoshlar, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Termiz tuman bo‘limi boshlig‘i Y. Mustanov, TerDu filologiya fanlari nomzodi M. Xamraeva hamda Termiz shahar 13-umumiy o‘rta ta‘lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda Alisher Navoiyning hayoti, ijodi, serqirra faoliyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Daho shoir yaratgan o‘lmas asarlar dunyo xalqlarining noyob ma’naviy boyligiga aylangani alohida ta’kidlandi.
– Mir Alisher Navoiy bobomiz ham yoshlik davrida bizning yurtimizga kelib, ilm o‘rgangan, – deydi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi direktori Oybek Ro‘ziev. – Mening nazarimda o‘sha davrlar yana qaytib, endilikda sizlar O‘zbekistonda Navoiyni chuqur o‘rganayapsiz. O‘zingiz tanlagan kasblarning sir-asrorlarini mukammal egallayapsiz. Biz dunyoga ana shunday olijanob, saxovatpesha insonlarni, buyuk allomalarni yetkazib bergan ulug‘ xalq ajdodlari ekanimizdan hamisha faxr-iftixor hissini tuyib yashaymiz. Yosh avlodni ham shunga munosib bo‘lishga, Navoiy merosidan bahra olib yashashga undaymiz. Zero, besh asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Alisher Navoiy asarlarining tarbiyaviy ahamiyati, dolzarbligi va qadr-qimmati jahon miqyosida oshib bormoqda.
Shuningdek, TerDu filologiya nomzodi M. Xamraeva so‘zga chiqib, buyuk bobokalonimizning hayoti, boy madaniy merosi va ularning bugungi kundagi qadr-qimmati xususida atroflicha fikr yuritdi. Ulug‘ zotning asarlari dunyo xalqlarining bebaho ma’naviy merosiga aylangani qayd etildi. Adabiy-badiiy kechada surxondaryolik shoirlar, ta’lim markazining o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari Navoiy hayoti va bebaho ijodining bugungi yoshlar uchun ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. “Lison ut-tayr“, “Xazoyinul-maoniy“, “Badoe’ ul-bidoya“, “Xamsa“, “Devoni Foniy“ singari asarlarining, nodir g‘azal va ruboiylarining mazmun-mohiyati xususida fikr almashdi. Ijodidan namunalar o‘qidi.
Kechada afg‘onistonlik talaba-yoshlar shoir ijodidan namunalarni ifodali o‘qidi. Navoiy g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlarni kuyladi. Turli sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi.
Afg‘onistonlik talaba-yoshlar tomonidan chizilgan Navoiy portretlari, ular yaratgan Navoiy byusti ham kecha ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shoir asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Adabiy-badiiy kechada faol ishtirok etgan mehmonlar, talaba va o‘quvchilar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Share: